Latviya Respublikasining O'zbekistondagi elchisining yordamchisi hamda Riga texnika universiteti delegatsiyasi TDTUga tashrif buyurdi
Joriy yilning 17-sentabr kuni Latviya Respublikasining O’zbekistondagi elchisining yordamchisi hamda Riga texnika universiteti delegatsiyasi TDTUga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va kelgusidagi ilmiy loyihalar ustida birgalikda ishlash masalalarini muhokama qilishga qaratildi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetning texnologik infratuzilmasi bilan tanishib, talaba va o‘qituvchilar bilan ilm-fan sohasidagi zamonaviy yondashuvlar va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha suhbatlar olib borishdi. Xususan, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar va o‘quv dasturlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalari muhokama qilindi.
TDTU rahbariyati mehmonlarni universitetning istiqboldagi loyihalari va innovatsion ishlanmalari bilan tanishtirdi. O‘z navbatida, Riga texnika universiteti vakillari o‘z tajribalari va muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashib, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini taklif qilishdi.
Mazkur uchrashuv TDTU va Riga texnika universiteti o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy hamkorlik uchun muhim qadam bo‘lib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni kelgusida yanada mustahkamlashga xizmat qiladi